Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga polkovnik Aziz Sadirov tayinlandi.
Toshkent viloyati IIBB YHXB binosida O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i polkovnik Sherzod Ibragimov, viloyat IIBB boshlig‘i general-mayor Toxir Aripov hamda shaxsiy tarkib ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan polkovnik Aziz Sadirov mas’ullar hamda xodimlarga tanishtirildi.
Poytaxt Toshkent shahrini viloyatlar bilan bog‘lovchi yo‘llar Toshkent viloyati hududidan o‘tishi, mazkur yo‘llarda transport vositalarining serqatnovligini inobatga olgan holda harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish lozimligi ta’kidlanib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat avtomobil yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari yuzasidan tanqidiy tarzda so‘z yuritildi.
Kelgusida yo‘llarda inson salomatligini asrash borasida ko‘rilishi zarur bo‘lgan choralar muhokama qilinib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.