Toshkent hamda Surxondaryo viloyati hududlarida maishiy chiqindi xizmatlari uchun to‘lov tariflarini tartibga solish maqsadida Xalq deputatlari viloyat kengashining tegishli sessiya qarorlari bilan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
— Toshkent viloyatining ayrim hududlarida jismoniy shaxslar, ya’ni aholi uchun 7 840 so‘m (QQS bilan) hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun 82 880 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori belgilandi. Belgilangan to‘lov tarifi Toshkent viloyati «Toza Hudud» davlat unitar korxonasi hamda «Angren Bunyod Fayz» MCHJ, «Nurli yo‘l marvaridi» MCHJ, «Ohangaron sanitariya tozalash» MCHJ, «Rahnamo Servis» MCHJ, «Zero-Waste» MCHJ kabi sanitar tozalash korxonalari uchun tasdiqlandi.
— Surxondaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida jismoniy shaxslar, ya’ni aholi uchun 7 000 so‘m (QQSsiz) hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun 122 219 so‘m (QQSsiz) miqdorida to‘lov tasdiqlandi. Belgilangan to‘lov tarifi «Toza hudud» UK, «Bio Texno Eko» MCHJ, «Bio Tex Eco» MCHJ, «Qiziriq invest» MCHJ, «Sale Kingdom» MCHJ va «Sho‘rg‘un kommunal foydalanish» MCHJ kabi sanitar tozalash korxonalari uchun amal qiladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining «Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorlari va Vazirlar Mahkamasining «Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Mazkur majburiy yagona tariflar sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlashga xizmat qiladi.