Yashil ekinlarni asrashga qaratilgan qo‘shma loyiha boshlanmoqda, deya xabar berdi Toshkent shahar hokimligi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, "Zamin" fondi va Toshkent shahri hokimligi hamkorligida "Daraxtlar reestri" yangi qo‘shma loyiha boshlanmoqda.
“Dastlabki loyiha Toshkent shahrida boshlanadi. Maqsad yashil ekinlarni, shu jumladan, qurilishni rejalashtirish bosqichida asrash hamda ularning to‘liq hisobini joriy etish, shuningdek, noqonuniy kesish holatlarida chora ko‘rishdir”, — deyiladi xabarda.
Loyihaning asosiy vazifasi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, barcha parametrlari va ahvolini ko‘rsatgan holda daraxtlarning raqamli reestrini yaratishdan iborat.
Ma’lumot uchun, daraxtlar reestrining onlayn platformasi davlat idoralarining axborot tizimlari bilan integrasiya qilinadi.
Aytilishicha, bu shaharsozlikni rejalashtirish, daraxtlarni parvarishlash sifatini yaxshilash hamda ularning hisobini yuritishda inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.