So‘nggi kunlarda Yakkasaroy tumanida daraxtlarning ommaviy kesilishi ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bu daraxtlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari buyrug‘i bilan kesilganligini, bu bilan Prezident tomonidan daraxtlarni kesishga moratoriy talablari keskin buzilganligini aytib o‘tdi. Kecha, 26 oktyabr kuni kechqurun esa Toshkent shahar hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Lekin munosabatda bir qator noaniqliklar borga o‘xshamoqda.
Birinchidan, hokimiyat 145 tupga yaqin daraxt deya ma’lumot keltirdi. Vaholanki, voqea joyini o‘rganganimizda 150 dan ortiq daraxtlar kesilgani ma’lum bo‘ldi, bu esa hokimiyat bevosita tafsilotlardan bexabar ekanligini bildiradi.
Ikkinchidan, hokimiyatning rasmiy munosabatida "mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ularning katta qismi kasallikka chalinib, asta-sekin qurib borayotgan edi. Dastlab ularni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, mas’ul shaxslar belgilangan talablarga rioya qilmagan", degan jumla bor. Bu bo‘yicha Ekologiya vazirligidan ma’lumot so‘raganimizda "daraxtlarning katta qismi kasallikka chalinganligi bo‘yicha hech qanday mutaxassis xulosasi yo‘qligi" ma’lum bo‘ldi. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi esa daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha ruxsat berilmaganligini ta’kidladi. Ruxsatsiz esa daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish mumkin emas.
Hokimiyat "Ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra tegishli choralar ko‘riladi", deya xabar bergan munosabatda. Umid qilamizki, rostdan ham daraxtlarni hech ikkilanmay kestirgan aybdorlarga chora ko‘riladi. Toshkent shahar hokimiyatidan vaziyatga real qarashni va ekologiya nisbatan mas’uliyatli bo‘lishni so‘rab qolamiz.