DeepState tahliliy resursining yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Donesk viloyatining bir qator hududlarida oldinga siljigan.
Ushbu ma’lumotlarga asosan, ilgarilash Pokrovsk yo‘nalishida — Pokrovsk shahri va Krasniy Liman qishlog‘i atrofida qayd etilgan. Shuningdek, Konstantinovka yo‘nalishida, Yablonovka aholi punkti yaqinida ham front chizig‘ida o‘zgarishlar kuzatilgan.
Bir necha kun avval Rossiya kuchlari Baxmut — Slavyansk trassasiga tutash hududlarda, jumladan, Fyodorovka Vtoraya va Vasyukovka qishloqlari yaqinida, shuningdek, Slavyansk yo‘nalishidagi Reznikovka va Pazeno hududlarida ham oldinga siljigan edi.
Bundan tashqari, Rossiya bo‘linmalari bir vaqtning o‘zida to‘rtta yo‘nalishdan hujum qilib, Konstantinovkaga yorib kirishga urinishgan, biroq Ukraina tomoni bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bu urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Ukraina Qurolli Kuchlarining 11-armiya korpusi spikeri Dmitriy Zaporojesning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni yozda Kramatorsk va Slavyansk uchun faol jangovar harakatlarni boshlashga intilishi mumkin.