Ijtimoiy tarmoqda Samarqand viloyatining Samarqand shahridagi kafelardan birida boyning o‘g‘li ekani aytilgan erkak mast holda boshqa bir shaxsni urib, hushidan ketkazib qo‘ygani aks etgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 29 mart kuni soat 7:00 larda Samarqand shahrida joylashgan kafelardan birida fuqaro Z.U. o‘zining tanishi D.R. bilan nonushta qilayotgan vaqtida, o‘sha yerda bo‘lgan fuqaro SH.T. bilan o‘rtalarida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan.
Mazkur nizo natijasida SH.T. o‘zining tanishlari T.X. va I.X. bilan birgalikda Z.U. hamda D.R.larni urib, tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar prosessual tartibda ushlangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.