Yo‘lovchilarga temir yo‘l transportida xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini yanada oshirish maqsadida 2022 yil 8 iyul sanasidan boshlab, haftaning har juma, shanba va yakshanba kunlari «Toshkent-Qarshi-Toshkent» yo‘nalishida 780/779-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Harakat jadvaliga ko‘ra «Toshkent- Qarshi» yo‘nalishida qatnovini amalga oshiradigan 780-sonli «Afrosiyob» elektropoyezdi har haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari soat 07:00 da Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan;
«Qarshi-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanadigan 779-sonli «Afrosiyob» elektropoyezdi esa Qarshi temir yo‘l vokzalidan soat 15:25 da qatnovini amalga oshiradi.
Shu bois, 2022 yil 8 iyul sanasidan boshlab, bugungi kunda «Toshkent-Samarqand-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan 764/763-sonli hamda «Toshkent-Buxoro» yo‘nalishida harakatlanayotgan 770-sonli «Afrosiyob» elektropoyezdlarining harakat jadvaliga ham o‘zgartirish kiritiladi.
Unga ko‘ra, «Toshkent-Samarqand» yo‘nalishida harakatlanadigan 764-sonli «Afrosiyob» elektropoyezdi har kuni soat 08:30 da Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan,
«Samarqand-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan 763-sonli «Afrosiyob» elektropoyezdi soat 16:15 da Samarqand temir yo‘l vokzalidan, «Toshkent-Buxoro» yo‘nalishida harakatlanadigan 770-sonli «Afrosiyob» elektropoyezdi esa soat 08:56 da Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan qatnovini amalga oshiradi.
Yuqoridagi «Afrosiyob» elektropoyezdlari harakati yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan, 2022 yil 10 iyul kunidan boshlab haftaning har yakshanba kuni «Toshkent-Samarqand-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan 768/767-sonli «Afrosiyob» elektropoyezdi qatnovi to‘xtatiladi.