Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan shu yilning 14 iyun sanasidan boshlab Toshkent-Islomobod yo‘nalishida yo‘lga qo‘yiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvozlarga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi.
"Dunyo" AAning xabar berishicha, "Toshkent-Islomobod yo‘nalishidagi havo qatnovi 2021 yilda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligi tashabbusining amaliy natijasi bo‘lib, u mintaqada barqaror taraqqiyot, o‘zaro hamjihatlik va tinchlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi", – deb yozadi Pokiston OAV.
Materiallarda ushbu havo qatnovi Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligi tashabbusi doirasidagi muhim loyiha sifatida e’tirof etilgan va ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo, madaniy va ta’lim sohalaridagi aloqalarni faollashtirishga zamin yaratishi alohida urg‘ulangan.
Shuningdek, nashrlarda "Uzbekistan Airways"ning Lahor yo‘nalishida haftasiga ikki marta muntazam amalga oshirilayotgan reyslari haqida ham ham ta’kidlangan. "Aviakompaniyaning yangi Islomobod yo‘nalishi Pokistonga parvozlar geografiyasini kengaytirayotgani, Janubiy Osiyo mintaqaviy aviabozoriga jadal kirib kelish borasidagi navbatdagi ijobiy qadamidir. Mazkur parvozlar ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlar, tadbirkorlar va turistlar uchun qulaylik yaratadi, transhududiy savdo va transport tizimlarini rivojlantirishga yordam beradi, shuningdek, talabalar, ziyoratchilar va o‘zaro delegasiyalar bilan almashish uchun ham muhim transport vositasiga aylanadi va eng muhimi madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtiradi", – deya urg‘ulangan materiallarda.
Shuningdek, maqolalarda, O‘zbekistonning qadimiy shaharlari – Samarqand, Buxoro va Xivaning turizm jozibadorligi va Pokistonning tarixiy va tabiiy manzaralari haqidagi ma’lumotlar o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilgan.
Pokiston OAV tomonidan e’lon qilingan maqolalar, "Toshkent-Islomobod yo‘nalishida yo‘lga qo‘yiladigan havo qatnovlari xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy va turistik yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi hamda o‘zaro tashriflarni osonlashtiradi", – degan so‘zlar bilan yakunlangan.