Shavkat Mirziyoyev bugun imzolagan qarorga binoan, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etildi.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:
- Universitetga ta’lim standartlarini ishlab chiqish, malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash huquqi beriladi;
- Universitetda ta’lim jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi;
- xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlari mustaqil tasdiqlanadi;
- joriy yilda Universitetga o‘qishga qabul qilishda sharq tillaridan (turk, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, yapon tillari) topshiriladigan ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihonlar o‘rniga test sinovlari o‘tkaziladi;
- keyingi o‘quv yilidan, ya’ni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ushbu tajriba boshqa tillar (ispan, italyan, tojik, qozoq, turkman, qirg‘iz tillari va boshqalar) bo‘yicha respublikadagi barcha davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilishda joriy etiladi.
- Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatasiyasi institutining Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 20a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Universitetga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz o‘tkazib beriladi;
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi 2021 yil 1 avgustga qadar mazkur bandga muvofiq Universitetga berilgan hududda Universitetning yangi 9 qavatli binosi va sport majmuasini qurish va foydalanishga topshiradi.