Qarorga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali Urganch davlat universitetiga qo‘shib yuboriladi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini 2025/2026 o‘quv yilidan Urganch davlat universitetining mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida davom ettiradi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Urganch filiali Al-Xorazmiy majmuasi hududida tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quv jarayoni 7 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi. Bunda:
dastlabki 5 yilda ustuvorlik o‘quvchilarda fizika, matematika, informatika va ingliz tili bo‘yicha fundamental bilimlarni shakllantirishga, keyingi 2 yilda esa muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikni ta’minlashga qaratiladi;
o‘quvchilar tanlovi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining matematika va informatika fanlari bo‘yicha qobiliyati bor 4-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi.
Ixtisoslashtirilgan maktabga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab rahbari, xodimlari va o‘quvchilari uchun belgilangan tashkiliy, akademik va moliyaviy shart-sharoitlar tatbiq etiladi.