“Uzbekistan Airports” AJ yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish tashabbusi doirasida Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilarning fikr-mulohazalarini o‘rganish va takliflarni qabul qilish uchun QR kodli stikerlar joylashtirdi.
Endi har bir yo‘lovchi smartfon orqali QR-kodni skanerlash orqali aeroport faoliyatiga baho berishi va o‘z takliflarini qoldirishi mumkin. Bu boshqaruv kompaniyasiga yo‘lovchilarning ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishga va xizmat ko‘rsatish, navigasiya va noaviasiya xizmatlari sifatini yaxshilashga yordam beradi.
Poytaxt aeroportining uchib kelish va uchib ketish zallarining ko‘zga ko‘ringan joylariga o‘rnatilgan QR-kodlar yo‘lovchilarni qulaylik uchun uch tilda – o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlab chiqilgan qisqa so‘rovnomaga yo‘naltiradi. Anketa havolasi www.uzairports.com rasmiy veb-saytida ham mavjud bo‘lib, u har kimga o‘z fikr-mulohazalarini qoldirish imkonini beradi.
Yaqin kelajakda bunday QR-kodlar O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda mavjud bo‘ladi. “Uzbekistan Airports” kompaniyasi yo‘lovchilardan aeroport xizmatlarini yanada qulay qilish uchun birgalikda yangi aloqa tizimidan faol foydalanishni so‘rab qoladi.