Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketayotgan fuqaroning qo‘l sumkasi bojxona xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, uning ichida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan, umumiy og‘irligi 187 gramm bo‘lgan 6 dona oltin quymasi hamda 7 dona xitoy iyerogliflari tushirilgan tangalar uddaburonlik bilan kosmetika kremi ichiga yashirilganligi aniqlandi.
Shundan so‘ng ushbu fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, uning yonidan og‘irligi 20 gramm bo‘lgan quyma tilla uzuk ham borligi aniqlandi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan ushbu buyumlarning umumiy qiymati 223 mln. so‘mni tashkil qildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikka muvofiq, rezident va norezident jismoniy shaxslarga - qiymati 100 million so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklarasiyasini to‘ldirmasdan, 100 million so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklarasiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi. Shuningdek, yaratilganiga ellik yildan oshgan madaniy boyliklarni respublika hududidan olib chiqish mumkin emas.