«Sentr-2026» nima o‘zi? Bu mashqlar Qozog‘istonga qaratilganmi?
Rossiyaning strategik qo‘mondonlik-shtab mashqlari 28 sentyabrdan 3 oktyabrgacha o‘tkazildi. Mashqlar Rossiyaning bir nechta poligonlarida, jumladan Chelyabinsk viloyatidagi Chebarkul poligoni va Kaspiy dengizida bo‘lib o‘tdi. Rossiya ma’lumotiga ko‘ra, mashqlarda 47 mingdan ortiq harbiy, 2 mingga yaqin texnika, 90 ta samolyot va 77 ta kema/sudna ishtirok etgan. Xitoy, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mongoliya va Pokiston harbiylari ham qatnashgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi mashqning rasmiy mavzusini: «Markaziy Osiyo strategik yo‘nalishida agressiyani qaytarish va Kaspiy dengizida harbiy xavfsizlikni ta’minlash» deb atagan. Ya’ni dastlab shartli dushman Rossiya va ittifoqchilarga qarshi hujum qiladi. Keyin Rossiya boshchiligidagi kuchlar uni to‘xtatib, qarshi hujumga o‘tadi.
2 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunus-Bek Yevkurov Putinga hisobot berib, juda muhim iborani ishlatgan: qo‘shinlar «bosib olingan SHARTLI hududni ozod qilish» va «QO‘SHNI hududda xavfsizlik zonasini yaratish» uchun hujum operasiyalarini boshlagan. Rossiya rasmiylari shartli dushman qaysi davlat ekanini aytmagan. Eng qiziq mana shu yerda boshlanadi. Ssenariydagi geografiya e’tiborni Qozog‘istonga qaratmoqda:
- Qozog‘iston Rossiya bilan uzun quruqlik chegarasiga ega;
- Chelyabinsk viloyati Qozog‘istonga yaqin;
- Qozog‘iston Kaspiy dengiziga chiqishga ega;
- mashqning o‘zi ham Markaziy Osiyo + Kaspiy yo‘nalishlarini qamrab olgan. Shu sababli ayrim tahlilchilar shartli dushman obrazi Qozog‘istonga mos kelishi mumkin, deb hisoblamoqda. Ammo Rossiya «bu Qozog‘istonga qarshi ssenariy» deb aytgani yo‘q.
Yana bir muhim jihat. Bu oddiy harbiy parad emas. Mashqda Rossiya Ukrainadagi urush tajribasidan foydalanayotganini ochiq aytgan. Dronlar, robotlashtirilgan tizimlar va zamonaviy qurollar qo‘llangan. Putinning o‘zi mashqdagi vazifalar Ukrainadagi urushda orttirilgan tajribani hisobga olgan holda bajarilayotganini aytgan.