Rossiyada "Tolibon" harakati faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror rasman kuchga kirdi. FXX reestrida tashkilot 20 may kuni ro‘yxatdan chiqarilgani qayd etilgan.
"Tolibon" Oliy sudning tegishli qaroridan so‘ng reestrdan olib tashlandi. 17 aprel kuni sud bosh prokuror Igor Krasnovning tashkilot faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatib turish haqidagi arizasini qanoatlantirdi.
"Tolibon" 2003 yildan buyon Rossiyada taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. 2024 yil mayda Rossiya prezidenti Vladimir Putin "Tolibon" Afg‘onistondagi amaldagi hokimiyat ekanligini va u bilan munosabatlarni o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. O‘sha yilning iyul oyida esa u mazkur tashkilotni Rossiyaning terrorizmga qarshi kurashda ittifoqchisi deb atadi.