AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etganidan besh yil o‘tib, "Tolibon" hukumati Vashingtonni mamlakatga qaytishga chaqirdi. Biroq bu safar Kobul amerikalik harbiylarni emas, diplomatlar va sarmoyadorlarni kutmoqda.
Bu haqda "Tolibon" hukumati tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Kobulda The New York Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Biz urush sahifasi yopildi deb hisoblaymiz. Endi o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar va ijobiy hamkorlikning yangi davrini boshlamoqchimiz", — dedi Muttaqiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Kobuldagi elchixonasini qayta ochishi, Afg‘onistonda diplomatik ishtirokini tiklashi, shuningdek mamlakatning mineral resurslari, to‘g‘onlari va yo‘l infratuzilmasiga sarmoya kiritishi mumkin.
Qayd etilishicha, AQSh va uning ittifoqchilari avvalgi 20 yillik harbiy ishtirok davrida Afg‘oniston infratuzilmasini rivojlantirish uchun milliardlab dollar sarflagan. Shu davrda "Tolibon" esa ularga qarshi qurolli kurash olib borgan.
Kobul siyosati bilan tanish bo‘lgan sobiq AQSh va Afg‘oniston rasmiylarining fikricha, "Tolibon" hukumati Donald Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni tiklashni muhim diplomatik yutuq sifatida ko‘radi. Ular buni Tramp ma’muriyatining tijoriy diplomatiyaga ko‘proq urg‘u berishi va inson huquqlari masalasini tashqi siyosatda nisbatan kamroq birinchi o‘ringa qo‘yishi bilan izohlagan.