Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida giyohvandlik vositalarining buyurtmachisi va yetkazib beruvchilari aniqlanib, qamoqqa olindi. Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari, Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX Zamon.uzga xabar berdi. Xususan, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida yashovchi, 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs tomonidan 79 kg 358 gramm «opiy» giyohvandlik moddasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston hududiga olib kirilib, sotish maqsadida yashirib qo‘yilgani aniqlandi. Mazkur giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olindi. Tezkor tadbirlar davom ettirilib, 1996 yilda tug‘ilgan gumonlanuvchining ko‘rsatmasiga asosan dala maydoniga yashirilgan 1 kg 953 gramm «metamfetamin» sintetik giyohvandlik moddasi ham aniqlandi va olib qo‘yildi. Shuningdek, yana bir holatda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yashovchi, 1994 va 1997 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs hamda Tojikiston Respublikasining Tursunzoda tumanida istiqomat qiluvchi, 1997 yilda tug‘ilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan holda 30 kg 357 gramm «opiy» giyohvandlik moddasini O‘zbekiston hududiga olib kirayotgan vaqtida Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, ushbu shaxslar giyohvandlik moddasini tojikistonlik narkosavdogarga tegishli bo‘lgan holda ma’lum haq evaziga belgilangan manzilga yetkazib berishlari lozim bo‘lgan. Tezkor tadbirlar natijasida mazkur giyohvandlik vositasining buyurtmachisi bo‘lgan Denov shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs ham ushlandi. Hozirda har ikki holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.