Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon internetdagi layklar uchun asossiz jinoiy ishlar qo‘zg‘atilganini tanqid qildi. U huquqni muhofaza qilish organlarini “bu amaliyotga chek qo‘yishga” chaqirdi. Bu haqda AsiaPlus xabar berdi.
Emomali Rahmon tegishli bayonotni 29 oktyabr kuni ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi davlat muassasasining ochilish marosimida e’lon qildi. U huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida sezilarli yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, jiddiy kamchiliklar borligini bildirdi.
Masalan, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlardagi materiallar va videoyozuvlar dalil sifatida tan olinayotgani tufayli, ayrim fuqarolar qoldirgan layklar ularning ta’qib qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Ya’ni ba’zi idoralar ularga qarshi asossiz jinoiy ishlar qo‘zg‘atmoqda va bu holatga chek qo‘yish zarur, dedi Rahmon.
Prezident o‘z noroziligini so‘nggi yillarda keng tarqalgan amaliyot fonida bildirdi. Unga ko‘ra, Tojikiston fuqarolari diniy yoki muxolifat arboblarining internetdagi postlarini tomosha qilgani, layk qo‘ygani yoki izoh qoldirgani uchun turli muddatlarga qamoqqa tashlanmoqda.
Masalan, 2024 yilning 15 avgust kuni Xo‘jand sudi 46 yoshli fuqaro Jamshid Aminovni diniy videolar, xususan, asosan rus tilidagi arab shayxlarining va’zlari ostiga layk qoldirgani uchun 5 yil ozodlikdan mahrum qilgan.