Ish haftasi davomida O‘zbekiston hududi Janubiy Qozog‘iston ustidagi yuqori siklon bilan bog‘liq bo‘lgan salqin va nam havo massalari ta’siri ostida bo‘ladi, deya xabar beradi O‘zgidromet.
Bugun kunning birinchi yarmida Navoiy viloyati shimolida, kechga tomon, ertaga kechasi va ertalab Toshkent viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 16 sentyabr kechqurundan 19 sentyabr ertalabgacha tanaffus bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda butun ish haftasi davomida tanaffus bilan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. 16 sentyabr kuni ayrim tog‘li hududlarda yomg‘ir kuchli yog‘adi. Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.
Havo harorati asta-sekin pasayadi va hafta o‘rtasiga kelib 20-25 darajani tashkil etadi. 19 sentyabrdan salqin havo massalari respublikamiz hududidan chekina boshlaydi va harorat 2-3 darajaga ko‘tariladi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkentda: asosan yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 15 sentyabrda kechqurun, 16 sentyabrda kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol shimoli-sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduzi havo harorati: bugun 27-29 daraja bo‘ladi, 16-18 sentyabrda 20-25 darajagacha pasayadi, 19 sentyabrda 25-27 daraja bo‘ladi.