Donald Tramp Vladimir Putinga Ukrainadagi urushni tugatish evaziga Alyaska resurslaridan foydalanish huquqini va sanksiyalarning qisman bekor qilinishi taklifini ko‘rib chiqmoqda.
The Telegraph nashri manbasiga tayanib xabar berishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun rag‘bat sifatida Alyaskadagi tabiiy resurslardan foydalanish imkonini taklif qilishga tayyorlanmoqda.
Mo‘ljallanayotgan boshqa takliflar qatorida Rossiya aviasanoatiga nisbatan joriy qilingan ayrim sanksiyalarning bekor qilinishi ham bor. Bu, jumladan, rossiyalik samolyotlarni ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar va uskunalar eksportiga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni o‘z ichiga olishi mumkin.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Moskvaga Ukrainadagi okkupasiya qilingan hududlardagi noyob yer metallari va minerallar zaxiralariga ham kirish imkoni berilishi muhokama qilinmoqda.
Xususan, Rossiya nazoratidagi hududlarda joylashgan ikki yirik litiy konlari tilga olinmoqda.
«Har xil rag‘batlar mavjud, ulardan biri — minerallar va noyob yer metallari bo‘yicha ehtimoliy kelishuv bo‘lishi mumkin», — dedi The Telegraph manbasi.
Trampning uchrashuvga tayyorgarligida AQSh moliya vaziri Skott Bessent ham ishtirok etmoqda. U Vashington Rossiyaga qanday iqtisodiy imtiyozlar taklif qilishi mumkinligini o‘rganmoqda.
The Telegraph eslatishicha, bahor oylarida AQSh va Ukraina yer osti boyliklari bo‘yicha kelishuv imzolagan, u Vashingtonga Ukraina hududidagi noyob metallarni o‘zlashtirish loyihalarida imtiyozli ishtirok huquqini beradi.
Bu kelishuv Ukraina tiklanishi uchun qo‘shma investisiya jamg‘armasini yaratishni nazarda tutadi va Kiyev uchun xavfsizlik kafolati sifatida qaralmoqda. Biroq ayrim konlar Rossiya nazoratidagi hududlarda joylashgan.