Amerika yetakchisi Donald Tramp Ankorijda bo‘lib o‘tadigan sammit chog‘ida Ukrainadagi urushga barham berish evaziga Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Alyaskada noyob yer minerallari qazib olinishini sovg‘a qilishga tayyorlanmoqda.
Bu haqda The Daily Telegraph manbalarga tayanib yozmoqda.
Trampning yana bir taklifi, nashrga ko‘ra, Rossiyada fuqaro aviasiyasi samolyotlariga xizmat ko‘rsatish uchun ehtiyot qismlar va jihozlar yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni nazarda tutadi. Qayd etilishicha, bunday kelishuv Amerikaning Boeing konserni uchun juda foydali bo‘lishi mumkin.
Takliflar Putinga hozirda Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan Ukraina hududlaridagi noyob yer minerallaridan foydalanish huquqini o‘z ichiga oladi.
Qayd etilishicha, AQSh moliya vaziri Skott Bessent o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni tezlashtirish uchun AQSh Rossiya bilan kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy murosalarni o‘rganmoqda.
Tramp va Putin o‘rtasidagi uchrashuv 15 avgust kuni AQShning Alyaska shtatining eng yirik shahri — Ankorijda bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvdan maqsad Rossiya-Ukraina mojarosiga barham berish imkoniyatlarini muhokama qilishdir.