Google qidiruv tizimida ishlayotgan Gemini sun’iy intellekti ayrim hollarda noto‘g‘ri va sog‘liq uchun xavfli tibbiy tavsiyalar bermoqda.
The Guardian nashri olib borgan jurnalistik surishtiruvga ko‘ra, Gemini tomonidan avtomatik shakllantirilgan tibbiy «AI-xulosalar» Google qidiruv natijalarining eng yuqori qismida chiqadi va bu foydalanuvchilarga yuqori darajada ishonchni shakllantiryapti. Ammo aynan shu joyda jiddiy xato va tahdidli maslahatlar uchramoqda.
«Jumladan, oshqozon osti bezi saratoni bilan og‘rigan bemorlarga yog‘li ovqatdan tiyilish tavsiya qilingan, holbuki bu holat ayrim bemorlar uchun ahvolni yanada og‘irlashtirishi mumkin. Jigar tahlillari bo‘yicha esa noto‘g‘ri «norma» ko‘rsatkichlari berilgan, bu esa bemorlarni davolanishdan voz kechishga undashi mumkin. Shuningdek, onkologiya va ruhiy salomatlikka oid masalalarda chala yoki adashtiradigan ma’lumotlar keltirilgan», – deb yozadi nashr.
Mutaxassislar eng katta muammo sifatida Gemini javoblarining barqaror emasligini qayd etmoqda – bir xil mavzudagi turli so‘rovlarda turlicha va kontekstsiz javob olinyapti.
Google kompaniyasi aksariyat AI-xulosalar foydali ekanini ta’kidlagan, biroq The Guardian tahliliga ko‘ra, tibbiy sohadagi xatolarning xavfi juda yuqori.
Mutaxassislar, o‘z navbatida, sog‘liq bilan bog‘liq muammolarda sun’iy intellekt yoki internet maslahatlariga emas, shifokorlarga murojaat qilish kerakligini eslatmoqda.