Litva, Latviya va Estoniya mudofaasini kuchaytirib, AQShning cheklangan ko‘magi sharoitida ham Rossiya bilan ehtimoliy mojaro ssenariylariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda jurnalist Isaak Stenli-Bekker Boltiqbo‘yi davlatlarida bir oy bo‘lib, tayyorlagan maqolasida The Atlantic yozdi.
Boltiqbo‘yi davlatlari ehtimoliy bosqinning dastlabki soatlaridanoq qarshilik ko‘rsatish ssenariylarini mashq qilmoqda. Litvada miltiqchilar ittifoqi ishtirokida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda, Belarus bilan chegara mustahkamlanmoqda va tankka qarshi to‘siqlar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida ma’lumotlarni tahlil qiladigan infraqizil kameralar va akustik datchiklar tarmog‘ini yaratish rejalashtirilmoqda. Uch davlat armiyalari dronlardan foydalanishni ham kengaytirmoqda.