O‘zbekistonda ilk bor Texnologik metallar oliy maktabi tashkil etildi. Mazkur oliy maktab O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, texnologik metallar sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni maqsad qilgan.
Bakalavriat dasturi Italiyaning Piza universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilib, darslar ingliz tilida olib boriladi, ta’lim jarayonlari TMKning ishlab chiqarish korxonalarida ham tashkil etiladi hamda ushbu bosqich uchun TMK tomonidan 25 ta grant ajratilgan.
Shuningdek, oliy maktab va Geologiya fanlari universiteti hamkorligida kritik minerallar yo‘nalishida magistratura dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu loyiha Xitoyning Geofanlar universiteti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Magistratura ta’limi ham ingliz tilida olib boriladi, ikkinchi bosqich Xitoyda davom ettiriladi. Bitiruvchilar ikki davlat diplomiga ega bo‘lishadi. Magistratura bosqichi uchun 10 ta grant ajratilgan.
Ta’limni muvaffaqiyatli yakunlagan talabalar TMK tomonidan to‘liq ish bilan ta’minlanadi.