Qo‘shma Shtatlarning Texas shtatida 8 million dona 10 sentlik yangi zarb qilingan tangalarni olib ketayotgan yuk mashinasi ag‘darildi. Natijada 800 ming dollar pul yo‘lga sochilib ketdi.
Yuk mashinasi 36 tonnadan ortiq yangi zarb qilingan tangalarni olib ketayotgan bo‘lgan. Texas Jamoat xavfsizligi departamenti vakili serjant Xosue De La Serdaning ma’lum qilishicha, haydovchisi burilish joyida boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘ldan chiqib ketgan.
Xabar berilishicha, yo‘l 14 soatga yopilib qolgan. Bu vaqtda ishchilarning maxsus guruhi turli usullardan foydalanib, tangalarni yig‘ishga harakat qilgan. Tangalarning ko‘p qismi yig‘ilgani, biroq ayrim mayda pullarni esa yomg‘ir yuvib ketgani ma’lum qilindi.