AQShning Texas shtati qamoqxonalarida 90 mingga yaqin mahbus uchun kondisionerlar o‘rnatilishi kerak. Federal sudya muassasalarni 2029 yil oxiriga qadar to‘liq kondisioner tizimi bilan jihozlash haqida qaror chiqardi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mahbuslar yoz oylarida ekstremal issiq sharoitda kondisionersiz qolgan. Tashqarida harorat 50 darajagacha ko‘tarilgan, qamoqxonalar ichida esa havo harorati yanada og‘ir sharoitni yuzaga keltirgan.
Sudda mahbuslar issiq tufayli hushidan ketish holatlari bo‘lganini va sovish uchun turli usullardan foydalanishga majbur bo‘lganini aytgan. Guvohlarning ta’kidlashicha, ayrim mahbuslar issiqdan qutulish uchun hojatxonadan suv olib, o‘zlarini sovitishgan.
Sudya amaldagi sharoitlarni insonparvarlik talablariga javob bermaydi, deb baholagan. Da’vo huquq himoya tashkilotlari, mahbuslar va ularning vakillari tomonidan berilgan.
Sud amaldagi sharoit AQSh Konstitusiyasining «shafqatsiz va g‘ayrioddiy jazo»ni taqiqlovchi Sakkizinchi tuzatishiga zid ekanini qayd etgan.
Texas qamoqxonalari uchun mas’ul idora har olti oyda kondisionerlarni rejalashtirish va o‘rnatish ishlari haqida hisobot berib borishi kerak.
Texas Tribune ma’lumotlariga ko‘ra, qamoqxonalarni rekonstruksiya qilish xarajatlari 1,5 milliard dollargacha yetishi mumkin. Shtatda 310 dan ortiq qamoqxona va boshqa saqlash muassasalari mavjud.