Elektr o‘chganligi sababli yo‘lovchi poyezdi yo‘lda qolib ketdi, deya xabar bermoqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha kecha, 9 dekabr kuni Termiz bekatidan jo‘nagan 79-sonli “Termiz — Toshkent” yo‘lovchi poyezdi "Jarqo‘rg‘on-Qumqo‘rg‘on" va "Qumqo‘rg‘on-Boysun" peregonida tashqi elektr tarmog‘idan elektr energiyaning o‘chganligi sababli 3 soat 40 daqiqa to‘xtab qolgan. Poyezd Toshkent shahriga o‘z vaqtidan 2 soat 10 daqiqaga kechikib keldi.
"Yo‘lovchilarga keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, sal avval Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev elektr toki bir o‘chirishda ikki soatdan oshmasligi ta’minlanishini ma’lum qilgan edi.