Xabaringiz bor, bugun O‘zbekiston milliy terma jamoamiz o‘rtoqlik uchrashuvida Xitoy bilan kuch sinashib, 2:2 hisobidagi durangga imzo chekdi. O‘yindan so‘ng Behruz Karimov va Javohir Husanov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Behruz Karimov: "Bugungi bellashuv ajoyib o‘tdi, juda ham katta taassurot qoldirdi. Albatta, bugun jamoamiz bilan maydonda xarakter ko‘rsatdik. Allohga shukur, yaxshi natija bilan o‘yinni yakunladik. Shuningdek, birinchi golimni urganimdan ham juda xursandman. Asosiy maqsadim esa hozir bu yerda yaxshi o‘zimni namoyish etib, kelajakda terma jamoamizdagi eng muhim futbolchilardan biri bo‘lish. Bundan tashqari, jamoaga tez qo‘shildim. Hammalarini yaxshi taniyman, oldindan yaxshi chiqishib kelaman".
Javohir Husanov: "Avvalambor Assalomu Alaykum. O‘yin davomida ikki jamoa ham yaxshi harakat qildi. Albatta, debyut uchrashuvdayoq gol urish - zavqlidir. Keyingi o‘yinlarda ham bor kuchimizni ishga solgan holda, jamoamizga yordam berishga harakat qilamiz".