Navoiyda Telegram orqali PUBG o‘yini uchun akkauntlar sotishni reklama qilib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan shaxs ushlandi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ohangaronlik 20 yoshli yigit hududiy ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, Telegram orqali akkaunt sotib olish maqsadida noma’lum shaxsning bank kartasiga 9 mln so‘m pul o‘tkazganini aytgan. Ta’kidlanishicha, va’da qilingan akkaunt berilgach, sotgan shaxs tomonidan bir kun o‘tib, yana qaytarib olingan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu qilmishni Navoiy viloyatida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgani aniqlangan va u prosessual tartibda ushlangan.
U Telegram’dagi turli kanallarda e’lon joylashtirib, akkauntlarni sotish bahonasida fuqarolarni chuv tushirib, ularni bir kunga sinov tariqasida foydalantirib, keyin esa akkaunt parollarini o‘zgartirib, pullarni o‘zlashtirib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan 2005 y.t (D.F) shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi (firibgarlik axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.