Eron rahbariyati AQSh bilan erishilgan kelishuvni taslim bo‘lish emas, balki qarshilik orqali qo‘lga kiritilgan siyosiy va diplomatik g‘alaba sifatida taqdim etmoqda. Biroq mamlakat ichida bu masala bo‘yicha yakdil fikr mavjud emas.
Mamlakat og‘ir urush oqibatlari, iqtisodiy bosim va xalqaro sanksiyalar sharoitida yashamoqda. Shu sababli kelishuvga munosabat turlicha bo‘lmoqda. Hokimiyat vakillari buni Eron manfaatlarini himoya qilgan holda erishilgan muvaffaqiyat deb baholasa, ayrim konservativ kuchlar Vashington bilan har qanday murosaga shubha bilan qaramoqda.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof mamlakat «yakuniy g‘alaba sari katta qadam» tashlaganini ta’kidladi. Prezident Mas’ud Pezeshkiyon esa kelishuv to‘liq amalga oshirilsa, u Eron iqtisodiyoti va mintaqaviy vaziyat uchun yangi imkoniyatlar ochishini bildirdi.
G‘olibofning kelishuvni qo‘llab-quvvatlashi alohida ahamiyatga ega. Chunki u Pezeshkiyonning mo‘’tadil siyosiy lageriga mansub emas. Bu esa kelishuvni mamlakatdagi nufuzli konservativ doiralar, jumladan, Islom inqilobi muhofizlari korpusiga yaqin kuchlar ham ma’lum darajada ma’qullayotganini ko‘rsatishi mumkin.
Biroq Eron ichida va xorijdagi ba’zi muxolifatchilar mavjud inqirozni hokimiyat almashinuvi uchun imkoniyat sifatida ko‘rmoqda. Shuning uchun kelishuv atrofidagi bahslar va siyosiy tortishuvlar yaqin vaqtda ham davom etishi kutilmoqda.