Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

TDPUda to‘lov shartnomalarini tarqatish jarayoni – navbatlar aslida ham bormi?

TDPUda to‘lov shartnomalarini tarqatish jarayoni – navbatlar aslida ham bormi?

So‘nggi paytlarda oliy ta’lim muassasalari faoliyatida shaffoflik, ochiqlik ko‘zga tashlanmoqda. Nizomiy nomidagi oshkent davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchisi universitet to‘g‘risidagi tanqidlarga javob qaytardi.

Tirnoq ostidan kir qidirishni istagan, turli mish-mish, “shov-shuv” xabarlar tarqatib, o‘z obunachilari sonini ko‘paytirishni istagan ayrim blogerlar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida olib borilayotgan faoliyatdagi kamchiliklar haqida “kuyunchaklik bilan” yozishda davom etmoqda.

Bu safar to‘lov-shartnoma olishni kutayotgan talabalar haqida ma’lumot tarqatildi.

Bloger shu axborotni joylashtirishdan avval universitet ma’muriyati bilan bog‘lanib, vaziyatni o‘rganishi lozimligi hech bo‘lmaganda odob qoidalarida ko‘zda tutilgani haqida unga eslatishni joiz deb bilaman.

Universitetda hozirda kunduzgi, kechki, sirtqi, maxsus sirtqi bo‘limda va ikkinchi oliy ma’lumot olish uchun qariyb 11 ming nafar talaba tahsil olmoqda.

Fikri tiniq inson uchun shu ma’lumotning o‘zi yetarli, deb o‘ylayman.

Tushunmaganlar uchun ma’lum qilmoqchimanki, o‘tgan yillar davomida  to‘lov-shartnoma asosida talabani bir yillik o‘qitish qiymati hujjat qabul qilinayotgan payidayoq tasdiqlanib, abituriyentlar, talabalar diqqatiga yetkazilar edi.

Bu yil to‘lov miqdorlarida talabalar uchun, ota-onalar uchun qator qulayliklar yaratgan o‘zgarishlar tufayli (ular haqida hamyurtlarimiz ommaviy axborot vositalari orqali to‘liq ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldilar, zarurat bo‘lsa, bu haqida alohida boshqa bir xabarda to‘xtalamiz) jarayon bir oz kechikkani hammaga ma’lum.  Imonim komilki, bu kabi o‘zgarishlar uchun fuqarolarimiz yana ma’lum muddat kutishga ham rozi bo‘lishardi.

Endi aniq universitetdagi navbatlar xususida.

Hozirda universitetga qabul qilingan birinchi kurs talabalarini sarson qilmaslik uchun Yashnobod, Yakkasaroy tumanlarida joylashgan binolarda ta’lim oladigan talabalar uchun shartnomalar joylarda tarqatilishi tashkil qilindi.

To‘lov-shartnoma miqdorlari ma’lum. Katta kurslarda ta’lim oladigan talabalarda to‘lov-shartnomalarni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilib o‘tirmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri bank muassasasiga borib, to‘lovni amalga oshirish imkoni mavjud. Buning uchun ular o‘zi bilan 1-kursda rasmiylashtirilgan shartnoma raqamini bilishi, to‘lov varaqasiga uni kiritishi kifoya. 

Bu o‘z-o‘zidan navbatning yo‘qolishiga bo‘lmasa, loaqal kamayishiga olib kelgan bo‘lardi.

Talabalar to‘lov-shartnomalarni rasmiylashtirish bo‘limiga, tabiiyki, darslardan tashqari vaqtda murojaat qiladi. Hamma talaba darsdan bir vaqtda chiqadi. Ayni shu paytda navbat ko‘payganini ko‘rib, “hech narsa o‘zgarmas ekan-da” degan xulosaga kelgan blogerning yana savollari bo‘lsa, universitet jamoasi barcha savollarga javob berishga tayyor!

Shu universitetda qariyb 35 yil umrim o‘tdi. Nimagaki erishgan bo‘lsam, shu universitet tufayli erishdim. Universitetda menga dars bergan ustozlar ham ishlashadi... Halqimiz “bir kun tuz ichgan joyga qirq yil ta’zim” qiladi.

Blogerlarimizdan, boshqalardan ham so‘ragan bo‘lardim. Universitet haqida turli, alohida ta’kidlamoqchiman, tekshirilmagan axborotlarni tarqatmoqchi bo‘lganlar men kabi o‘zini shu universitetning bir qismi deb biladigan, Prezidentimiz yaqindagina jamiyatimizda eng ulug‘ insonlar deb e’lon qilgan – ustozlarning his-tuyg‘ulari bilan o‘ynamasin!

Alisher Mirazizov, Nizomiy nomidagi TDPU katta o‘qituvchisi

 

 

Alisher Mirazizov, Nizomiy nomidagi TDPU katta o‘qituvchisi

 

Kiritildi: 15:24 12.09.2019. O'qildi: 2031 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!