Xabarlarga ko‘ra, niqobli shaxs avvaliga metroning yo‘lovchilar gavjum bekatlaridan biriga tutunli granatalar va Molotov kokteyllarini uloqtirgan. Keyin metroning 800 metr naridagi boshqa bir bekatiga qarab yugurib, yo‘lida bir necha kishini pichoqlab ketgan. Gumonlanuvchi ikkinchi bekatga borgach, u yerga ham granatalar tashlagan va odamlarga pichoq bilan hujum qilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘lgan va 11 kishi jarohatlangan.
27 yoshli erkak hujumdan keyin yaqin atrofdagi bino tomidan sakragan va o‘zi ham vafot etgan. Shu bilan halok bo‘lganlar soni 4 nafarni tashkil etmoqda. Polisiyaning ma’lum qilishicha, gumondor Chang Ven ismli Tayvan fuqarosi.
Tayvan bosh vaziri Cho Jung hujumni “qasddan qilingan harakat” deb atagan. Tergovning dastlabki versiyasiga ko‘ra, u yolg‘iz o‘zi harakat qilgan. Hodisadan keyin mamlakat bo‘ylab temiryo‘l va metro bekatlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.