Emmanuel Makron Yevroittifoqni Putin bilan muloqotni tiklashga chaqirdi. Fransiya prezidenti Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar formatini qayta tiklash Yevropa Ittifoqi manfaatlariga mos kelishini aytdi. Makron bu bayonotni Yevropa Ittifoqi sammitida Rossiya aktivlarini musodara qilish bo‘yicha kelishuvga erishilmaganidan so‘ng bildirdi.
"Yo mavjud muzokaralar doirasida uzoq muddatli tinchlikka erishiladi, yo biz Rossiya bilan ochiq muloqotni Ukraina bilan hamkorlikda qayta boshlash yo‘llarini topishimiz kerak", — dedi Fransiya yetakchisi.
Makronning ta’kidlashicha, Vladimir Putin bilan yana muloqot qilish foydali bo‘lishi mumkin. Aks holda, Yevropa yetakchilari Ukraina mojarosiga barham berish masalasida faqat AQSh vakillari bilan maslahatlashishga majbur bo‘ladi, ular esa vaziyatni Moskva bilan bevosita muhokama qilmoqda.