O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida atoqli o‘zbek yozuvchisi Oybek va rafiqasi Zarifaxonim Saidnosirova hayoti va ijodiy merosiga bag‘ishlangan «Barhayot chinor» spektaklida yozuvchining qiyinchilik ko‘rgan yillari bilan bog‘liq voqealar ham aks etgan.
Spektaklda salbiy qahramon Abdug‘ani Oybek domlaga tuhmat qiladi va yillar o‘tib o‘z dissertasiyasi uchun imzo qo‘ydirishga keladi. Shunda halol va mard yozuvchi hech ikkilanmay imzo qo‘yadi.
Mazkur sahna asarida Abdug‘ani rolini teatrning mahoratli aktyori Sanjar Islomohunov ijro etgan. Aktyor spektaklda ishlash jarayonlari haqida so‘zlab o‘tdi:
«Pyesani ilk bor o‘qiganimda personajga ozgina e’tirozim bo‘ldi, konflikt sust yaratilgandi. Keyin postanovkachi rejissyor bilan ishlash jarayonida va asarni sahnaga olib chiqqanimizda voqealar ancha keskinlashdi. Abdug‘ani hasadgo‘y odam, u Oybekka tuhmat qiladi. Men salbiy rollarni ko‘p ijro etmaganman, biroq mazkur spektaklni mutaxassislar, qolaversa, jamoa yaxshi baholadi. Demak maqsadimizga yetibmiz.
Oybek domlaning hayoti va ijodiy merosini yanada chuqur o‘rgandim va hurmatim oshdi. Teatrda tarixiy dramalar ko‘proq sahnalashtirilishi lozim. Ijodiy faoliyatimdagi bitta orzuim bu Bobur shaxsini sahnada yaratish, yana ko‘plab tarixiy spektakllarda ishlashni niyat qilganman!»
O‘zbekiston yosh tomoshabinlar teatrda tarixiy janrda Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy asarlari asosida spektakllar yaratilgan va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan.