So‘nggi paytda yurtimizda tezkor rivojlanishning muhim yo‘nalishlariga hamda chet el standartlariga mos keladigan ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Avvalambor, ta’lim sifatiga talab ortishi natijasida sohada oliy ma’lumotlilarning soni 1,5 barobarga o‘sdi.
O‘zbekiston tarixida ilk bor, maktablarda PISA xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etdi.
PISA-2022 (xalqaro baholash testlari) dasturi bo‘yicha 191 ta maktabda 15 yoshli o‘quvchilar orasidan 6 969 nafarida test sinovlari hamda so‘rovnomalar o‘tkazildi. Bu borada natijalar 2023 yil dekabrda e’lon qilinishi belgilangan.
Nufuzli xalqaro olimpiadalarda 6 ta medal (4 ta kumush, 2 ta bronza); Mintaqaviy olimpiadalarda 39 ta medal (3 ta oltin, 13 ta kumush, 23 ta bronza) qo‘lga kiritildi. Ushbu o‘quvchilar va ularning ustozlariga jami 1,3 mlrd. so‘m pul mukofotlari berildi.
“TIMSS 2023” xalqaro baholash dasturi doirasida matematika va tabiiy fanlardan savodxonligini baholashga qaratilgan xalqaro tadqiqotda 166 ta maktablarning 8 800 nafar to‘rtinchi va sakkizinchi sinf o‘quvchilari, 4 400 nafar ota-onalar, 1 035 nafar o‘qituvchilar va maktab direktorlari ishtiroki ta’minlandi.
“TALIS 2024” ta’lim berish va o‘qitish sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar doirasida 30 ta maktablarda 600 nafarga yaqin o‘qituvchilar o‘rtasida xalqaro so‘rovnomaning tajriba-sinovlari o‘tkazildi.
Buyuk Britaniyadagi “Cambridge Assessment” tashkiloti bilan hamkorlikda 28 nafar maktab o‘qituvchilari hamda liderlari uchun tashkil etilgan PDQdasturi bo‘yicha kurs o‘tkazilib, bir necha pedagog Cambridge Assessment tashkilotining (PDQ) xalqaro sertifikatiga ega bo‘lshdi.
“Zo‘r! (Klass!)” gumanitar loyihasi doirasida 153 nafar o‘qituvchi (104 nafar rus tili o‘qituvchisi, 35 nafar aniq va tabiiy fan o‘qituvchisi, 14 nafar metodist) jalb qilindi.
Shuningdek, 21 nafar rossiyalik mutaxassis 14 ta malaka oshirish hududiy markaziga jalb etilib, 300 nafardan ortiq umumta’lim maktablarining rus tili fani o‘qituvchilari uchun treninglar tashkil etildi.
Hayot davomida o‘qish tamoyili asosida 309 ming nafar maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining malakasi oshirildi.
Koreya Respublikasi elchixonasi bilan hamkorlikda maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi 57 nafar koreys tili fani o‘qituvchilar qayta tayyorlov kurslarida o‘qitildi.
Milliy o‘quv dasturi Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida uch bosqichda tajriba-sinovdan o‘tkazilib barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablariga joriy qilindi.
2021/2022 o‘quv yilida umumta’lim maktablarini tamomlagan 385 437 nafar bitiruvchilarning 85 869 nafari (22,3%) oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun yangi metodik xizmat ko‘rsatish tizimi yaratildi va “Metodik kun” va “Fan oyliklari” bekor qilindi.
473 854 nafar o‘qituvchining 7 ta kompetensiya bo‘yicha malakasi oshirilib kasbiy salohiyati 53,4% dan 85%ga ko‘tarildi, 8 ta kompetentlik asosida 7 228 nafar maktab direktori malakasi oshirilib, ularning bilim ko‘nikmalari 44,3% dan 88,4% ga oshdi.
Ilk bor 755 nafar maktab o‘qituvchilari nodavlat ta’lim tashkilotlarida malaka oshirdilar.
Uzluksiz kasbiy rivojlantirish – malaka oshirish kurslari uchun 33 ta fan yo‘nalishlarining kontenti, jumladan, 1 120 ta ma’ruza, 1 120 ta taqdimot, 1 120 ta videodars, 7 840 ta qo‘shimcha adabiyotlar, 7 308 ta test topshiriqlar yaratildi va elektron platformaga joylashtirildi.
Ta’lim sifati – juda murakkab tushuncha. Qandaydir bir shokolad (yoki sut, avtomobil, veb-sayt – o‘zingiz istagan narsani qo‘yib o‘qishingiz mumkin)ning sifati haqida odamlar soatlab bahslashishi mumkin. Ammo ta’lim sifati oddiy narsalardan-da chuqurroq va ta’siri kuchliroqdir.
Ta’lim sifatiga o‘quvchi, ota-ona, pedagoglarning o‘zlari, ish beruvchi va nihoyat, jamiyat baho beradi. Shu jihatdan olib qaraganda, ta’lim ustuvor soha deb qaraladigan O‘zbekistonda bu masala yanada dolzarb ahamiyatga ega.
Xalqaro tan olingan baholash tizimlari yordamida o‘qituvchilarimiz va o‘quvchilarimizning haqiqiy bilim darajasini aniqlash, natijalarni ob’ektiv tan olish va shunga qarab ish qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Ya’ni, ta’lim sifatini baholash turli metodik kabinetlardagi qog‘ozbozlik uyumlari ostida qolib ketmasdan, tizimli va shaffof ravishda amalga oshirilishi lozim.