Fransiyada ta’lim muassasalarida hijob kiyish masalasi atrofidagi bahslar yana siyosiy kun tartibiga chiqdi. Ushbu munozaraga qariyb o‘ttiz yil avval yuz bergan va katta rezonansga sabab bo‘lgan voqea turtki bergan.
Fransiyalik muharrir va media tadqiqotchisi Tomas Deltombning ta’kidlashicha, 1989 yilda yuz bergan «Kreyldagi ro‘mol voqeasi» — hijobini sinfxonada yechishdan bosh tortgani uchun uch nafar maktab o‘quvchisining ta’lim muassasasidan chetlatilishi — uzoq yillik siyosiy va ijtimoiy munozaralarga asos solgan.
Ekspertning fikricha, 1970–1980-yillarda Fransiya OAVsi va siyosiy doiralarida «islomlashtirilgan qarashlar» shakllangan. Bu jarayonda musulmonlarning o‘ziga xosligi asosan diniy ko‘rinishlar bilan bog‘lab talqin qilina boshlagan. OAVlar o‘rtasidagi raqobat va o‘ta o‘ng kuchlarning ta’siri kuchayishi esa dastlab mahalliy miqyosdagi voqeani butun mamlakat uchun dolzarb muammoga aylantirgan.
1989 yil noyabr oyida Fransiya Davlat kengashi o‘quvchilarning diniy ramzlarni taqib yurishi dunyoviylik tamoyiliga zid emasligi haqida qaror chiqarganiga qaramay, keyingi o‘n yilliklarda mamlakat hukumati diniy ramzlar bo‘yicha qonunchilikni izchil ravishda kuchaytirdi.
2004 yil 15 martda qabul qilingan qonun davlat maktablarida ko‘zga tashlanadigan diniy ramz va atributlarni taqishni rasman taqiqladi. 2010 yilda esa mamlakat jamoat joylarida yuzni to‘liq yopib turuvchi kiyimlarda yurishni butunlay taqiqladi va bunday holat uchun jarima belgiladi. Keyinchalik cheklovlar o‘quvchilarga hamrohlik qiluvchi onalarga nisbatan ham qo‘llanila boshlandi, 2024 yilda esa Parijda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida fransiyalik sportchi ayollarning hijob kiyishiga ham taqiq joriy etildi.
O‘ng qanot va konservativ siyosiy doiralar diniy ramzlarni izchil cheklashni respublikasining dunyoviy asoslari va teng huquqlilikni himoya qilish chorasi sifatida baholamoqda. Huquq himoyachilari hamda «Tasavvur qilingan islom» tadqiqoti muallifi Tomas Deltomb esa buni musulmonlar jamoasini stigmatizasiya qilish va Fransiyadagi an’anaviy dunyoviylik tushunchasining o‘zgarishi sifatida ko‘rmoqda.
Yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlari fonida ushbu bahs yana avj oldi. «Milliy birlashuv» (Rassemblement National) partiyasi jamoat joylarida hijob kiyishni to‘liq taqiqlash masalasini referendumga qo‘yishga va’da berdi.