Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til 28 dekabrdan boshlanadi.
Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq, oliy, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari (davlat, nodavlat hamda xorijiy) va akademik liseylar talaba hamda o‘quvchilarining joriy o‘quv yili uchun qishki ta’til muddati belgilandi.
Unga ko‘ra, qishki ta’til 2025 yil 28 dekabrdan boshlanib, 2026 yil 10 yanvariga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Talaba va o‘quvchilarning qishki ta’til davrida doimiy yashash hududlariga (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga) borib-kelishlarini qulaylashtirish maqsadida Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlikda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Shunga muvofiq, 2025 yil 18 dekabrdan 2026 yil 12 yanvariga qadar (shu kuni ham) talabalar va o‘quvchilar uchun 50 foiz chegirma asosida yo‘l chiptalari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.