Bugun 19 may, 2025 yil, dushanba

КИР

“Tafakkur” haqida tafakkur qilib, yoki 33 ming kishiga bitta nusxami?!

A A A
“Tafakkur” haqida tafakkur qilib, yoki 33 ming kishiga bitta nusxami?!

Ushbu jurnalga ancha yillardan beri obunaman. Uning kelishini oilamiz bilan kutamiz. “Tafakkur” xalqning oqilu fozillari, yurtsevarlariyu millatsevarlarining zalvorli-zalvorli o‘y-fikrlarini ortmoqlab yiliga to‘rt marta xonadonimizga salobat bilan kirib keladi.

 

Uning tashrifi ulug‘ bir mehmonni eslatadi-yu, biz darrov rostlanib olamiz. Ongu shuuringga yorug‘lik, aqlu zakovatingga teranlik, jismu joningga tetiklik baxsh etuvchi ushbu ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy jurnaldagi har bir maqolani yutoqib o‘qiymiz. Ulug‘ ustozlarimiz, millat jonkuyarlari Erkin A’zam, Sultonmurod Olim, Ahmadjon Meliboyev, Ibrohim Haqqul, Shuhrat Rizayev, Abdulla A’zam, Zuhriddin Isomiddinov, Sirojiddin Sayyid, Eshqobil Shukur, Xurshid Davron, Xurshid Do‘stmuhammad, Rahmon Qo‘chqor, Isajon Sulton, Abdurahim Erkayev, Olim Davlatov, Sobirjon Yoqubov, Shohsanam va boshqa ulug‘ ijodkorlarning chiqishlarini qayta-qayta mutolaa qilamiz, ko‘nglimizda ajib bir tafakkur bayramini tuyamiz.

 

Qalbimda yashashga, yaratishga yangi kuch uyg‘otuvchi ushbu nashrning qadr-qimmatini so‘z bilan ifodalashga ojizman. Jurnal sahifalaridagi ustoz adabiyotshunoslar, zabardast olimlar, yozuvchi va shoirlarning kuchli mushohadaga to‘la chiqishlarini sharhlashga birda kuchim yetsa, birda yetmaydi. Biroq, bir narsani yaxshi bilamanki, ushbu nashrni o‘qigandan keyin o‘z faoliyatimdan qoniqmaslik kayfiyatini sezaman, ruhi jonimda millat va yurt ishiga daxldorlik holati kuchayib, o‘zimni o‘qishga, izlanishga, qaynoq faoliyatga berganim bergan bo‘ladi. Yoki ish joyida o‘ziga yuklatilgan mas’uliyatni jon-jahdi bilan bajarib, davlat va jamiyat rivojiga to‘sqinlik qilayotgan illatlar bilan baholi qudrat kurashayotgan o‘g‘lim har zamonda: “Aya, bugungi faoliyatimda “Tafakkur”ni ikki yil qo‘limdan qo‘ymay o‘qiganim ish berayapti”, deyishi rost gap.

 

Biroq, ming-ming afsuslar bo‘lsinkim, jurnalning adadini ko‘rib, bugungi kunda uning jamiyat va millat rivoji uchun nihoyatda bebaho manba ekanligini his qilganim holda, nola chekdim: “Nashr adadi 1014 nusxa”. Ko‘zlarimga ishonmay qayta-qayta qaradim.Vo darig‘, o‘ttiz uch million aholiga ega O‘zbekiston degan ulkan mamlakatda bor-yo‘g‘i 1014 nusxa “Tafakkur” o‘qiladi. Bu degani qariyb 33 ming kishiga bitta jurnal. Bu nima degani?! Qayoqqa qarab ketayapmiz?! Millatning jon tomirini qaqshatayotgan, ma’naviyatimiz ildiziga boltaurayotgan dolzarb muammolar ko‘tarilayotgan nashrga e’tibor shumi?! O‘qiganingda ong tafakkuringni yog‘dulantirib, ko‘zni katta ochib yashashga, yaratishga ruhlantiradigan “Tafakkur” bugun nimaga qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketmayapti?! Ziyolilarimiz nimani o‘qishayapti, nimalar ustida bosh qotirishayapti?! 

 

Axir O‘zbekistonda 90 ta oliy o‘quv yurti, 9691 ta umumta’lim maktablari faoliyat yuritmoqda. Nimaga har bir oliy o‘quv yurti hech bo‘lmaganda 10 ta jurnalga obuna bo‘lolmaydi. Har bir umumta’lim maktabi loaqal 2 ta jurnalga obuna bo‘lib, kutubxonaga qo‘yib qo‘ysa, undan o‘qituvchilar bahramand bo‘lsa yarashmaydimi?! Yurtimizda faoliyat yuritayotgan minglab mahallalar hech bo‘lmaganda bittadan jurnalga obuna bo‘lishsa gunoh bo‘ladimi?! O‘zbekiston hududi faoliyat yuritayotgan kutubxonalar uchun hech bo‘lmaganda 4 tadan jurnal nusxasi tashkil qilinsa nur ustiga a’lo nur bo‘lmaydimi?! Keraksiz hoyu-havaslarga pul sochishni bilamizku. Bir yoshli bolamizni tug‘ilgan kuniga millionlarni sarflashga ustamiz-ku. Nima uchun bir yillik obuna bahosi bor yo‘g‘i 140 ming turadigan jurnalga yozilishga buncha qornimiz og‘riydi. Biz qachon uyg‘onamiz?!

 

Mana qo‘limda “Tafakkur”ning 2019 yil 2-soni. “Nima deysiz, zamondosh?”, “Taraqqiyot tamoyillari”, “Jamiyatning maqsadi”, “Oliy mezonlar”, “Aql munozarasi”, “Inson o‘zing, inson o‘zing”, “Xazina”, “Ma’no va mohiyat”, “Buyuklik timsollari”, “Sharqu g‘arb hikmati”, “Javondagi javohir”, Talqin va tadqiqotlar” ruknlarida berilgan materiallar mutolaasiga chin dildan berilaman, mag‘zi to‘q, durdona fikrlarni daftarimga ko‘chirishga tutinaman.

Davlat boshqaruvi sohasi mutaxassisi Aziza Umarova bilan “Ma’rifat qayg‘usi, taraqqiyot mavzusi” mavzusidagi o‘zbek ayollariga ehtirom sifatida suhbat jurnalning birinchi sahifasida berilgan. “Tafakkur” mehmoni O‘zbekistonda rahbar ayollar safi kengayishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarga alohida to‘xtalib, Slovakiya, Estoniya, Janubiy Koreya, Singapur kabi yuksak ma’rifatli mamlakatlarni ayol prezidentlar idora qilayotgani, rahbar ayollar ko‘paysa jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirilgan. Suhbatda millat ziyolilarini o‘ylantirayotgan til masalalari haqida qimmatli fikrlar keltirilgan. Jumladan, yurtimizda oliy ta’lim tizimi korrupsiya balosidan xalos bo‘lmas ekan, rus tilida ta’lim olishga ishtiyoq kuchayib boraverishi, ona tilining maqomini yuksaltirish uchun avvalo ta’lim tizimidagi muammolarni hal qilish lozimligi kuyinchaklik bilan ta’kidlanadi. Qaniydi, bu suhbatdan ming-minglab ziyolilarimiz bahramand bo‘lsalar edi, deya orzuladim.

 

“Tadqiqot tamoyillari” ruknida Abror Yusupovning “Bizga qanday boshqaruv kerak?” maqolasi chop etilgan. Unda kadrlar bilan ishlash borasida aniq tahlilga asoslangan, yaqin, o‘rta va uzoq istiqbolga yo‘naltirilgan yaxlit tizimga zarurat borligi haqida fikr bildirilgan va davlat boshqaruviga ijobiy ta’sir qiluvchi omillarni sanab o‘tilgan.

 

To‘lqin Alimardonning “Jamiyatning maqsadi” ruknida bosilgan “Milliy ta’lim: tanqid va taklif” maqolasida ta’lim sohasidagi o‘ta dolzarb muammolar o‘rtaga tashlangan. Muallif ta’lim hayot davomiyligini ta’minlaydigan ijobiy fazilatlarni avlodlarga yetkazish orqali zamonaviy insonning qiyofasini shakllantirishga qaratilganligini ta’kidlar ekan, “Yaponiyada bolaga 4-sinfgacha aniq fanlar o‘rniga adolatli va vatanparvar bo‘lish, tabiatni va go‘zallikni sevish, his qilish kabi hayot falsafasini singdirishga qaratilgan fanlar o‘qitilar ekan. Bu fazilatlarga ega bo‘lmagan bola shaxs sifatida kamolga yetmay qolarkan. Mana, sizga milliy falsafa! Biz esa korrupsiyaga qarshi kurashish uchun katta-katta mablag‘larni huquqiy organlar faoliyatiga ajratib yuribmiz”, deb yozadi.

 

Jamiyatimizda ta’lim ijtimoiy hayotdan va ishlab chiqarishdan alohida bo‘g‘indek tasavvur shakllanganligi, jamiyatning ma’naviy va moddiy hayoti o‘rtasida nomutanosiblikning mavjudligi ta’lim samaradorligiga putur yetkazayotganligi haqida shunday deydi: “O‘qituvchi o‘quvchiga “adolatli va jasur bo‘l” deb tarbiya beradi, lekin ma’naviy asoslari shakllanmagan jamiyat bunday fazilatlarni qabul qilmaydi yoki rag‘batlantira olmaydi. Oqibatda jamiyatning ma’naviy va moddiy hayoti o‘rtasida tafovut vujudga keladi”.

 

Men bu maqolani Xalq ta’limi vazirligidan tortib, viloyat va tuman xalq ta’limi bo‘limlarida, oliy o‘quv yurtlaridan tortib barcha umumta’lim maktablarida kengroq o‘rganilishini, bu borada katta bahs-munozaralar olib borilishini istagan bo‘lardim.

 

Abdulla A’zamning “Oliy mezonlar” rukniga munosib ko‘rilgan“Dolg‘ada qolgan kema yoxud burch” maqolasida ijtimoiy burchning muhim bir turi bo‘lmish kishining kasbiy burchi haqida gap ketadi va jamiyatimizda kasbiy burchga munosabat mutlaqo qoniqarsiz darajada ekanligi tanqid qilinadi. Muallif burchga sadoqatning go‘zal namunasi sifatida 1912 yilda G‘arb olamida sodir bo‘lgan “Titanik” fojiasi vaqtida oddiy mashshoqlarning burchiga bo‘lgan sadoqatini misol qilib keltiradi. Kema muz qoyaga urilib, falokat xabari tarqalganiga qaramay, musiqachilar baland pardalarda kuy ijro etishga kirishishadi va sozandalar to kema cho‘kkuncha joylarini ham, ijroni ham tark etishmaydi.

 

“Xulosa ravshan: har kim o‘z burchini to‘g‘ri ado etsagina, jamiyat kemasi bexatar suzadi. To‘g‘ri ado etibgina qolmay, burchga sadoqat tamoyili jamiyatda ustuvor bo‘lsa, ya’ni vazifadorlar “o‘lsam o‘lamanki, burchimga xiyonat qilmayman”, degan aqidada yashasa, bunday jamiyat taraqqiyot cho‘qqisiga albatta chiqadi; iqtisodiy darajasidan qat’iy nazar uni buyuk deb atash mumkin”, deb yozadi muallif.

 

Ustoz Abdulla A’zam ta’kidlaganlaridek, mana bizning og‘riqli nuqtamiz qayerda?! O‘z kasbiy burchimizni bilmaganimizdan, turli hoyu-havaslarga berilib, kuch-quvvatimizni behuda ishlarga sarflab yuribmiz. Aslida bugungi yoshlarning ongu tafakkuriga burch tushunchasini har qachongidan ko‘proq va xo‘proq singdirishimiz kerak.Ushbu maqolani nafaqat maktablarda, balki kattayu kichik tashkilot va korxonalarda o‘tkaziladigan Ma’naviyat soatlarida o‘rganilsa maqsadga muvofiq ish bo‘lardi.

 

Mixli Safarovning “Ma’rifat muxoliflar” maqolasini zavq bilan o‘qidim. Unda ma’rifatga juda chiroyli ta’rif berilgan: “G‘arbda ma’rifat faqat aql-idrok deb qaralsa, Sharqda ko‘ngil –ma’rifat vatani sanaladi. Chunki ma’rifat eng avvalo ko‘ngilda uyg‘onadi, yetiladi, rivojlanadi va inson amalida yuz ko‘rsatadi. Ko‘ngildagi ezgulik – insonning bosajak qadamini belgilaydi, aytadigan so‘ziga jon va qon bo‘ladi, yorug‘ olamda bajaradigan barcha yorug‘ ishlarining rahnamosiga aylanadi. Ezgulik – adolat, haqiqat, diyonat, vijdon, imon va insof, bag‘rikenlik ham oliy himmatdir”.Ushbu ma’rifat haqidagi durdona fikrlarni oliy va umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilariga juda ilindim. Ayniqsa, mahallalardagi diniy-ma’rifiy va tarbiyaviy masalalar bilan shug‘ullanuvchilar ulardan o‘z o‘rnida foydalanishib, bu oltin so‘zlarni yoshlarga maromiga yetkazib so‘zlab bersalar qanday, qanday a’lo ish bo‘lardi?!

 

Mizrob Bo‘ronning “Biz ko‘tarib borayotgan yuk” maqolasini diqqat bilan o‘qigan kishi yuz yildan beri ortmoqlab borayotgan yukini bir silkinib yelkasidan uloqtirib tashlaydi-da, yengil nafas oladi. Epikurning “Foniy va Boqiy” deb nomlangan Menekeyga maktubining muvaffaqiyatli tarjimasi bilan Xurshid Yo‘ldoshevni tabriklash kerak. Millat qayg‘usida kuyib o‘tgan ustoz OmonullaMadayevning O‘zbekiston QahramoniOzod Sharafiddinov haqidagi “Ozod domla” maqolasi, Nodira Ofoqning Chingiz Aytmatovning “Jamila”si talqiniga bag‘ishlangan “Qoyada o‘sgan gul” maqolasi yuragimga murodbaxsh tuyg‘ularni hadya etib, ko‘nglim kengliklariga boshlab ketdi. Eshqobil Shukurning tesha tegmagan “Chimdim hayrat, chimdim hasrati”ga chin dildan sherik bo‘ldim. Aziz yurtdoshim Zuhriddin Isomiddinovning yana bir ulug‘ yurtdoshimiz Xoja Qutbiddin Baxtiyor Kokiy haqidagi ajoyib maqolasini “Vijdonning isyoni” deb nomlabdi va aniq faktlarga asoslangan material juda o‘qishli chiqibdi. “Javondagi javohir” ruknida Vafo Fayzulloh Zahiriddin Muhammad Boburning “Devon”i, Lev Tolstoyning “Asarlar to‘plami”, Moris Meterlink “So‘qirlar” dramasi asarlari mutolaasidan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi. Noyob iste’dod sohiblarining Vafo Fayzulloh kabi kuchli tafakkur egalari tomonidan mutolaa qilinishidan tug‘ilgan durdona fikr-mulohazalar ushbu go‘zal asar ko‘ksiga qadalgan qunduz bo‘lib, hammani ushbu asarlar mutolaasiga tortaveradi.

 

To‘g‘risi, jurnal tahririyati a’zolarining obuna bobida noliganlarini eshitmadim. Ular xuddi “Titanik” mashshoqlar kabi mazza qilib ijod qilishmoqda. Bunday ajoyib fikrni “Jahon adabiyoti” va “Sharq yulduzi” tahririyati a’zolari haqida ham aytish mumkin. Zamonamizning zabardast ziyolilari zavq bilan qalam tebratishib, bir-birlari bilan munozara-mushohadaga kirishishib, ijod qozonida gumbur-gumbur qaynab yotishibdi. Biroq, yaratilgan va yaratilayotgan ma’naviy boyliklardan o‘z o‘rnida foydalanadigan, ijod mahsullaridan yayrab-yayrab bahramand bo‘ladigan avlod yetishmayapti bizga.

 

Siz bunga nima deysiz, aziz zamondosh?!

Manba: uza. uz

Kiritildi: 21:30 10.08.2019. O'qildi: 4444 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!