Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent viloyati tumanlaridan biridagi rahbari mazkur tuman hududidan oqib o‘tuvchi 3 ta soy qirg‘oqlarini mustahkamlash va beton plitali yo‘l o‘tkazgichlari qurish bo‘yicha umumiy qiymati 5,04 mlrd so‘mlik tuzilgan shartnomalarni go‘yoki vazirlikdagi hamkasblari orqali mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga olib berganligini ro‘kach qilib, uning rahbaridan 63 ming AQSh dollari miqdorida “ulush” talab qilgan va joriy yilning mart-aprel oylarida 24 ming dollarini olgan.
Mansabdor shaxs noqonuniy harakatlarini davom ettirib, mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbaridan qolgan 39 ming AQSh dollarini ham berishini so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u talab qilgan pul mablag‘idan 25 ming dollarini o‘zining “Tracker” rusumli xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.