O‘zbekistonda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoniga xususiy sektor jalb etiladi. Bu tashabbus dastlab Andijon viloyatidan boshlanishi belgilandi.
Prezident ishtirokida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu taklif ma’qullandi. Hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab 3 million 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda.
Shuningdek, tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan 1 916 ta mahalladagi isitish tizimini elektr energiyasiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Mas’ullarga uch oy muddatda buning uchun zarur infratuzilma va qo‘shimcha elektr energiyasi talabini hisob-kitob qilish topshirildi.