Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Suv ostida namoz o‘qisa bo‘ladimi?

Suv ostida namoz o‘qisa bo‘ladimi?

Internetda g‘avvoslarning suv ostida namoz o‘qiganlari tasvirlangan videolar tarqalib ketdi. Yana jamoat bo‘lib o‘qilgan. Biri imomlikka o‘tgan.

Balki bu ishni qilganlarning niyatlari yaxshi bo‘lgandir. Balki olamshumul bir ish qilib, uni ko‘z-ko‘z qilishni niyat qilgandirlar. Shu bilan go‘yoki Islomga ma’naviy foyda yetkazishni ko‘zlagandirlar. Lekin bu ishdan ko‘proq piar isi kelyapti. Aks holda suv ostida namoz o‘qiganlarini tasvirga tushirib tarqatishdan nima foyda?!

Haligi g‘avvoslar namoz fiqhi borasida biror ilmga ega bo‘lganlarida bu tariqa namoz o‘qimagan bo‘lardilar. Chunki suv ostidagi odamga g‘avvoslik libosi namoz ruknlarini to‘liq bajarishga to‘sqinlik qiladi. Burnini va peshonasini yerga tekkizolmaydi. Og‘ziga mahkamlangan kislorod shlangi tufayli harflarni talaffuz qilolmaydi. Boz ustiga, suv ostidagi bosim insonni barqaror va sobit turishiga ham yo‘l bermaydi. Chayqalib ketaveradi. Yarim xayoli joyidan siljib ketmaslikda bo‘ladi.

Bir necha soatlab suv ostida bo‘lishga majbur bo‘lgan holat bo‘lsa, zamonamizning ba’zi ahli ilmlari qiroatni xayoldan o‘tkazib namoz o‘qisa joizligiga fatvo bergan. Lekin bu ham tortishuvli masala. Vallohu a’lam, bu bemalol suyansa bo‘ladigan kuchli fatvo emas. Va bunda ham jamoat bo‘lib, biri imomlikka o‘tib namoz o‘qib berishi haqida gap-so‘z yo‘q. Chunki suv ostidagi bunday sharoitda imomlikka o‘tish o‘z ma’nosini yo‘qotadi.

Qolaversa, ko‘ngil ochish uchun amalga oshiriladigan dayvinglar, sport dayvinglarida suv ostida uzoq vaqt qolib ketilmaydi. Suv ostidagi sharoit suv ustidagi sharoit kabi emas. Namozining durust bo‘lishi shubha ostida bo‘lgan holatda namoz o‘qigandan suv ustiga chiqqandan so‘ng o‘qib olgani afzaldir. Yana ham to‘g‘risi, bunday mashg‘ulot bilan namoz vaqtlarini rioya qilgan holda shug‘ullanish lozim.

Ehtimol ba’zilar bu ish joizligiga Yunus alayhissalomni misol qilishar. Aytish lozimki, Yunus alayhissalom bilan bo‘lgan voqea qiyoslasa bo‘ladigan odatiy holatda yuz bermagan. U bir mo‘’jiza bo‘lgan. Sir-sinoati bizdan tamoman yashirilgan asrorangiz bir ish bo‘lgan. Yo‘qsa, bir insonni katta baliq yutib yuborib, uning ichida bir necha kun qolib ketib, yana tirik qolishi odatda aslo mumkin emas. Bu faqat istasa odatiy holatlarni ortda qoldiruvchi, sabablarni bekor qiluvchi Zotning irodasi bilangina sodir bo‘lgan. Shunday ekan, uni bunga qiyoslab bo‘lmaydi, vallohu a’lam.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 17:47 14.08.2019. O'qildi: 3613 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!