AQSh Rossiya, Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya va Pokistonni yadroviy qurol bilan hujum qilishga qodir davlatlar ro‘yxatiga kiritdi.
Bu ma’lumot AQSh hukumati razvedka hamjamiyatining yillik hisobotida keltirilgan.
"Xitoy, Rossiya, Shimoliy Koreya, Eron va Pokiston yadroviy va an’anaviy jangovar kallaklarga ega bo‘lgan bir qator yangi, ilg‘or yoki an’anaviy raketa yetkazib berish tizimlarini tadqiq qilmoqda va ishlab chiqmoqda", deyiladi hisobotda.
Razvedka hamjamiyati 2035 yilga kelib AQShga 16 000 dan ortiq raketalar tahdid solishini bashorat qilmoqda, bu esa hozirgi 3000 dan ortiq raketa darajasiga nisbatan ancha yuqori.
Shimoliy Koreya butun AQSh hududiga zarba berishga qodir qit’alararo ballistik raketalarni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Hujjatda shuningdek, Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya, Pokiston va Rossiya “Qo‘shma Shtatlarga tahdid solishga qodir ilg‘or raketalarga ustuvor ahamiyat berishda” davom etishi aytilgan.
Razvedka hamjamiyati, o‘z navbatida, Rossiyani “Arktikadagi asosiy muammo” deb atadi. Hujjatda Rossiya kuchlar muvozanati uchun kengroq global raqobatning bir qismi sifatida mintaqadagi manfaatlarini ilgari surishga intilayotgani aytilgan.
Hisobotga ko‘ra, Xitoy Arktikada o‘zining strategik va iqtisodiy manfaatlarini, birinchi navbatda Rossiya bilan munosabatlar orqali ilgari surish uchun tegishli sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.