Eron qurolli kuchlari agar Vashington Islom Respublikasining elektr stansiyalariga hujum qilsa, Yaqin Sharqdagi AQShning energetika va axborot infratuzilmasi inshootlariga qarshi javob zarbalarini berishga tayyorligini e’lon qildi.
Bu haqda Eron Milliy teleradioeshittirish korporasiyasi (IRIB) Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabiga tayanib xabar bermoqda.
"Biz yana bir bor ta’kidlaymiz: agar dushman Eronning energetika infratuzilmasi inshootlariga hujum qilsa, biz Yaqin Sharqdagi Qo‘shma Shtatlarga tegishli bo‘lgan barcha energetika va axborot infratuzilmasiga, shuningdek, texnologiya markazlari va tuzsizlantirish zavodlariga zarba beramiz", deb ta’kidladi harbiy qo‘mondonlik.
Bu ogohlantirish AQSh prezidenti Donald Trampning Hormuz bo‘g‘ozi 48 soat ichida yuk tashish uchun to‘liq qayta ochilmaguncha Eronning ba’zi elektr stansiyalarini yo‘q qilish bilan tahdidlari fonida paydo bo‘ldi.
11 mart kuni Eron qurolli kuchlarining markaziy qo‘mondonligi bo‘lgan Xatam al-Anbiya vakili Tehron Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari bilan bog‘liq hech qanday yoqilg‘i yuklarining Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligini e’lon qildi. Ushbu strategik muhim suv yo‘li dunyo neft eksportining taxminan beshdan bir qismini tashkil qiladi. 15 mart kuni Eron dushmanni chekinishga majbur qilish uchun barcha mavjud vositalardan, jumladan, Hormuz bo‘g‘ozidagi yuk tashishni nazorat qilishdan foydalanishga tayyor ekanligi haqida ogohlantirdi.