Bugun 17 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Surxondaryoda O‘zbekiston enoturizmi va milliy taomlar festivali bo‘lib o‘tmoqda

Surxondaryoda O‘zbekiston enoturizmi va milliy taomlar festivali bo‘lib o‘tmoqda

Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida «O‘zbekiston enoturizmi va milliy taomlari» festivali bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir Surxon vohasining boy gastronomik merosi, uzumchilik an’analari, mahalliy mahsulotlari va turistik salohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan.

Festival mehmonlari Surxondaryo viloyati hududlarining pavilyonlari, milliy taomlar, meva-sabzavotlar, uzumchilik va vinochilik mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan tanishmoqdalar.

Ko‘rgazmalarda hududlarning o‘ziga xos mahsulotlari, milliy qadriyatlari, hunarmandchilik namunalari va an’analari namoyish etilmoqda. Ayniqsa, Oltinsoyning serhosil uzumzorlari, uzum navlarining xilma-xilligi hamda mahalliy mahsulotlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Festivalning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi. Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, bunday festivallar milliy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, mahalliy mahsulotlarni ommalashtirish, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda hududlarning turistik jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Festival doirasida viloyatning 15 ta hududi o‘ziga xos milliy taomlar, meva-sabzavotlar, uzum navlari va hunarmandchilik mahsulotlarini namoyish etmoqda. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etilgan «Dunyo taomlari va xalqlari» ko‘rgazmasi, milliy sport o‘yinlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlari hamda brend restoranlar taqdimotlari tadbir dasturidan o‘rin olgan.

Festival ishtirokchilari uchun tashkil etilgan konsert dasturida taniqli xonandalar, ansambllar va folklor jamoalari chiqish qildi. Bu esa tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishlab, mehmonlarga Surxon vohasining boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda.

Enoturizm, gastronomiya va madaniy merosni o‘zida mujassam etgan festival mahalliy mahsulotlarni keng targ‘ib qilish, turizm sohasi vakillari va tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda Surxondaryoni jozibador sayyohlik maskani sifatida tanitishga xizmat qiladi.

Yakuniy gala-konsert doirasida turli nominasiyalar bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Kiritildi: 17:50 16.10.2026. O'qildi: 424 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!