Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo tumanida 500 qo‘y jarlikka qulab, nobud bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Viloyat hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Joriy yil 23 may kuni soat taxminan 21:00 larda Sariosiyo tumani Xufar mahallasi hududida joylashgan “Chashmikalak” tepaligida 347 bosh qo‘y jarlikka tushib ketgan. Oqibatda 299 bosh qo‘y va echki nobud bo‘lgan, 48 bosh qo‘y va echki esa turli darajada jarohatlangan.
Nobud bo‘lgan qo‘ylarning jasadlarini jarlikdan olib chiqish, yoqib yuborish yoki ko‘mishning imkoni bo‘lmaganligi sababli tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan tuman SES xodimlari ishtirokida shu joyning o‘zida maxsus dori bilan 2 marta dorilangan. Mas’ullarning izohiga ko‘ra, dori nobud bo‘lgan qo‘ylarni 1 oyda chiritib, yo‘q qilib yuboradi va hech qanday kasallik yoki infeksiya tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Hozir mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tergovga qadar surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Tekshiruv natijalari yuzasidan qonunchilikka muvofiq tergov organlari jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beradi, deyilgan munosabatda.