Surxondaryolik g‘allakorlar bu yil ham O‘zbekistonda birinchi bo‘lib, tovar don topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, vohalik g‘allakorlar 2024 yil hosili uchun 89,3 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar g‘alla navlarini parvarishlab, bugun, 16 iyun holatiga don korxonalariga 210 ming 246 tonna sara tovar don sotib, shartnomaviy rejani 101,0 foizga bajargan.
Jumladan, Sheroboddagi “Shoymon bobo” fermer xo‘jaligi 107,2 sentner, Qumqo‘rg‘ondagi “Elobod ziyosi” fermer xo‘jaligi 106 sentner, Angordagi “Umid shox Angor” fermer xo‘jaligi 101,2 sentner, Muzrabotdagi “Amirqul bobo KAA” fermer xo‘jaligi 100,3 sentner, Jarqo‘rg‘ondagi “Panji Umid Bunyod” fermer xo‘jaligi 100,2 sentner, Termiz tumanidagi “Qoraxon Yangiariq” fermer xo‘jaligi 101 sentnerdan hosil olib, vohamiz xirmoniga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan.
Joriy yilda voha g‘allakorlari gektarlar hosildorligini o‘rtacha 94 sentnerga yetkazib, mavjud maydonlardan 840 ming tonna sara don ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda, — deyiladi xabarda.
Avvalroq paxtadagi kabi g‘allada ham imtiyozli kreditni to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerga berish tizimi joriy qilinishi aytilgan edi. Bundan tashqari, davlat resursi uchun xarid qilingan bug‘doyni daladan tashib kelish va saqlash xarajati 2024 yilda ham to‘liq byudjetdan qoplanadi.