Hujjatlar infratuzilma, energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va harbiy sohalarni qamrab oladi.
Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuv va o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash marosimida ishtirok etdi. Marosim 4 noyabr kuni Ar-Riyoddagi «Al-Yamama» saroyida bo‘lib o‘tdi.
Saudiya matbuot agentligi (SPA) xabariga ko‘ra, hujjatlar rivojlanish va infratuzilma, energetika, uy-joy qurilishi, sog‘liqni saqlash, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va moliyaviy xizmatlar sohalarida hamkorlikni nazarda tutadi. Bundan tashqari, ikki mamlakat mudofaa vazirliklari harbiy hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzdi. Uning tafsilotlari oshkor qilinmayapti.
Suriya Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi bilan tuzilgan oltita bitim 403 million dollardan ortiq miqdorda imtiyozli kreditlar ajratishni nazarda tutadi. Mablag‘lar elektr energetikasi, suv ta’minoti, sog‘liqni saqlash, uy-joy qurilishi, fuqaro muhofazasi va davlat moliyaviy xizmatlarini raqamlashtirish sohasidagi loyihalarga yo‘naltiriladi.
Xususan, Halab issiqlik elektr stansiyasini qayta tiklash, ichimlik suvini hisobga olish tizimini modernizasiya qilish, fuqaro muhofazasi bo‘linmalarini yangilash, shikastlangan uy-joylarni tiklash va tibbiyot muassasalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Imzolash marosimida Suriya Tashqi ishlar, Mudofaa, Moliya va Sanoat vazirlari, shuningdek, Saudiya Arabistonining tegishli idoralari vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mintaqaviy vaziyatni muhokama qildilar. SPA xabariga ko‘ra, ular keskinlikni kamaytirish, inqirozlarni diplomatik vositalar bilan hal qilish hamda Qizil dengiz, Bob-el-Mandeb bo‘g‘izi va Hormuz bo‘g‘izida dengiz kemalari qatnovi xavfsizligini ta’minlash zarurligini ta’kidladilar.