AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyaning yangi rahbari Ahmad al-Shara mineral resurslarni o‘zlashtirish va Damashqda Tramp minorasini qurish bo‘yicha bitim imzolashni taklif qilganidan so‘ng unga nisbatan sanksiyalarni yumshatish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 12 may kuni Times gazetasi manbalarga tayanib xabar berdi.
O‘tgan dekabr oyida Bashar al-Assad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan Al-Shara Suriyaning yakkalanishiga barham berish va mamlakatni global iqtisodiyotga qaytarishga intilmoqda. Taklif AQSh va Ukraina o‘rtasida yaqinda tuzilgan shartnomaga o‘xshash foydali qazilmalarga Amerika kompaniyalariga ruxsat berishni o‘z ichiga oladi.
The Times nashrining yozishicha, Suriya rahbari Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Tramp bilan uchrashishga umid qilmoqda. Hozircha bu uchrashuv haqida rasmiy tasdiq yo‘q.
30 aprel kuni Vashington va Kiyev Ukrainaning litiy, titan va boshqa noyob yer elementlari konlarini qayta tiklash va o‘zlashtirish bo‘yicha investisiya fondini birgalikda boshqarish bo‘yicha keng ko‘lamli kelishuvni imzoladi. Suriya sanksiyalarni qisman olib tashlash evaziga ushbu formatni takrorlashga intilayotgan ko‘rinadi.