Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a ma’muriyati Rossiyaning Xmeymim aviabazasini o‘quv-mashg‘ulot va gumanitar punktga aylantirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “Kommersant” nashri suriyalik manbasiga tayanib.
“Kommersant” manbasining so‘zlariga ko‘ra, ob’ekt Rossiya va Suriyaning “qo‘shma boshqaruviga o‘tadi”, biroq undan faqat harbiy bo‘lmagan maqsadlarda foydalaniladi.
Livanning “Al-Modon” gazetasi xabar berishicha, Damashq o‘quv-mashg‘ulot dasturlariga rossiyalik instruktorlarni jalb qilishni xohlamoqda.
Rossiya Suriyaning Latakiya viloyatidagi Xmeymim aviabazasini va Tartusdagi Harbiy-dengiz bazasi moddiy-texnik ta’minot punktini nazorat qiladi.
Moskvaning ittifoqchisi bo‘lgan Bashar Asad rejimining ag‘darilishi va uning Rossiyaga qochib ketishi Kreml hamda Suriyaning yangi hukumati o‘rtasidagi hamkorlikni so‘roq ostida qoldirgan edi. Biroq Suriyaning yangi rahbariyati ilgari Rossiya bilan imzolangan barcha kelishuvlarni hurmat qilishini ma’lum qildi.