Shveysariyaning Bellinsona shahridagi Federal jinoyat sudida 27 aprel kuni O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga oid xalqaro korrupsiya ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlanadi.
Finews.com nashriga ko‘ra, ish qariyb 20 yillik voqealarni qamrab oladi. Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova va uning biznes hamkori telekommunikasiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirish evaziga pora talab qilgan “Ofis” deb atalgan tarmoqni tashkil etganlikda gumon qilinmoqda, deb hisoblaydi. Ularga korrupsiya, jinoiy tashkilotda ishtirok etish va pul yuvish ayblovlari qo‘yilgan.
Ishda Shveysariyaning Lombard Odier xususiy bankining sobiq xodimi ham tilga olinadi. U 2008–2012 yillarda “Ofis”ga aloqador shaxslar uchun bank hisoblarini ochish va yuritish orqali mablag‘lar kelib chiqishini yashirishga yordam berganlikda ayblanmoqda.
Bankning o‘zi faol pul yuvishda ayblanmayapti, ammo u o‘z xodimining ehtimoliy harakatlarini oldini olish uchun yetarli tashkiliy choralar ko‘rgan-ko‘rmagani sudda baholanadi.
Nashrning ta’kidlashicha, ish juda uzoq davom etgan. Shveysariyada tergov 2012 yilda boshlangan, ayrim holatlar esa 2008 yilga borib taqaladi. 2026 yil boshida Shveysariya sudi Karimovani so‘roq qilish uchun Toshkentga borgan. Biroq so‘roq jarayoni cheklangan sharoitda o‘tgani, savollar faqat O‘zbekiston Bosh prokuraturasi orqali berilgani sababli, dalillarning sudda qanday baholanishi hozircha noma’lum.
Gulnora Karimova O‘zbekistonda 2014 yildan beri ozodlikdan mahrum etilgan. Shu bois uning Bellinsonadagi sudda shaxsan ishtirok etishi ehtimoli past deb baholanmoqda. Ikkinchi ayblanuvchining qayerdaligi ham noma’lum. Sud jarayoni sirtdan o‘tkazilishi yoki ishning ayrim qismlari yana ajratilishi mumkinligi aytilmoqda.
Finews.com’ga ko‘ra, bu kabi ishlar Shveysariyada ko‘pincha sudgacha yetib bormaydi. Ammo mazkur holatda faktlar va dalillar bahsli bo‘lgani uchun ish ochiq sud muhokamasiga chiqarilmoqda. Sud jarayonida nafaqat ayblovlar, balki ko‘p yillik tergovning o‘zi ham jamoatchilik oldida baholanadi.