O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ayni paytda faoliyatidagi sezilarli o‘sishni namoyish qilmoqda. Joriy mavsumda 22 yoshli futbolchi Xosep Gvardiola jamoasida zaxira o‘yinchisidan boshlang‘ich tarkib o‘yinchisi maqomiga ko‘tarildi va qisqa fursat ichida "Manchester Siti" himoya chizig‘ida asosiy figuraga aylandi.
Ayniqsa, “Manchester Siti” yanvarda Angliya Premyer-ligasining eng zo‘r markaziy himoyachilaridan hisoblangan Mark Gexini transfer qilganidan keyin “shaharliklar” mudofaa salohiyati yangi bosqichga chiqdi. Abduqodir Husanov va Mark Gexi tandemi o‘ta murakkab uchrashuvlarda ham ishonchli himoyalanmoqda va jamoa muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shib kelyapti.
Bugungi kunda Husanov Yevropada faoliyat olib borayotgan eng zo‘r markaziy himoyachilardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Futbol eksperti Vasant Balan Abduqodir Xusanov va “Real” markaziy himoyachisi Raul Asensioni taqqosladi. Jurnalistlar undan “Sizningcha, kim kuchliroq: Husanov yoki Asensio?”, degan savoliga quyidagi javob berdi.
- Qarang, Abduqodir Husanov so‘nggi yarim yil ichida “Liverpul”ga qarshi “Enfild”da yuqori darajadagi o‘yinlarni ko‘rsatdi.
Hatto “Real”ga boy berilgan har ikki uchrashuvda ham, hoh Madridda bo‘lsin yoki Manchesterda u sarosimaga tushmasdan, xato qilmasdan o‘ynadi. U shu darajaga yetdi. Endi faqat karyerasining boshidagi kabi mayda xatolar qolgan. Abduqodir hozir murakkab vaziyatlarda ham umuman shoshib qolmaydi, ikki pozisiyada o‘ynay oladi.
Hozir Abduqodir haqiqiy ishonch ustuniga aylangan. Ya’ni, u tarkibda bo‘lsa, hammasi joyida bo‘lishiga ishonasan. Shuningdek, u doim himoyachilarni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun Husanovni tanlayman. Husanov Asensiodan kuchliroq, - dedi Vasant Balan.
Eslatib o‘tamiz, bu mavsum Abduqodir Husanov “Manchester Siti” tarkibida Angliya ligasi kubogini qo‘lga kiritdi. Ayni paytda “shaharliklar” Premyer-ligada peshqadamlik qilmoqda va chempionlik uchun asosiy da’vogarga aylandi. Shuningdek, “Manchester Siti”ni Angliya kubogida yarim final bosqichiga chiqqan va bosh sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda.
Bundan tashqari, Abduqodir Husanov joriy mavsumda yanvar va mart oylarida “Manchester Siti”ning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovringa ega chiqdi.